O'zbekistondan xabarlar 18-qism

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inga Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In bilan o`tkazilgan sammit munosabati bilan tabrik maktubi yo`lladi

O'zbekistondan xabarlar 18-qism

O'zbekistondan Xabarlar – 18

Shavkat Mirziyoyev ikki Koreya rahbarlari uchrashuvini tarixiy voqea deb baholadi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inga Shimoliy Koreya etakchisi Kim Chen In bilan o`tkazilgan sammit munosabati bilan tabrik maktubi yo`lladi.

Tabrik matni O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati tomonidan e`lon qilindi.

"2018 yilning 27 aprel kuni koreys xalqi solnomasida chin ma`noda tarixiy voqeaga aylangan Pxan-mun-jomda o`tkazilgan Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o`tgani bilan sizni samimiy qutlayman", deyiladi tabrik maktubida.

Mirziyoyevning bildirishicha, Janubiy Koreya rahbarining qat`iy pozitsiyasi va muntazam sa`y-harakatlari natijasida davlatlar o`rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga yo`naltirilgan sammit muvaffaqiyatli o`tgan.

Mirziyoyev shuningdek, O`zbekiston Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya hududlarida yadroviy qurolsizlanish jarayonini har tomonlama qo`llab-quvvatlashini bildirgan. O`zbekiston prezidenti, Mun Chje Inning ikki mamlakat o`rtasidagi avtomobil va temir yo`l qatnovlarini tiklash tashabbusini alohida e`tirof etgan.

Tabrik maktubida O`zbekiston bundan buyon ham koreys xalqining birlashish, umumfarovonlik va taraqqiyot maqsadida Koreya yarimorolida barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlash yo`lidagi faol amaliy qadamlarini qat`iy qo`llab-quvvatlashi bildirilgan.

Ma'lumki, Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya rahbarlarining uchrashuvi yakunida to`liq qurolsizlanish va gumanitar muammolarni hal qilish masalalarini o`z ichiga olgan qo`shma deklaratsiya imzolan edi.

O`zbekiston va Qirg`iziston chegaradagi bahsli vaziyatlar yechimi borasida kelishib olishdi.

O`zbekiston va Qirg`iziston chegara idoralari ikki davlat o`rtasidagi do`stona munosabatlar rivojlanishi sharoitida chegarada o`zini qanday tutish qoidalarining yangi tahririni tasdiqladi.

Bu xaqida O`zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo`shinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Matbuot xizmatining xabariga ko`ra, tomonlar davlat chegarasini qo`riqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishga tayyorligi va manfaatdor ekanligini ta`kidladi.

Tomonlar shuningdek chegaralar xavfsizligiga asosiy zamonaviy tahdidlarni muhokama qildi. Bundan tashqari, 2018 yilning birinchi choragida o`zbek-qirg`iz chegarasini qo`riqlash bo`yicha faoliyat yakunlari tahlil qilindi, dolzarb masalalar va ularni o`zaro maslahatlashuvlar orqali hal qilish yo`llari ko`rib chiqildi.

Aprel boshlarida Qirg`iziston tomoni Jalol-Obod viloyatining Aqsi tumanidagi Mamay qishlog`ida o`zbekistonlik chegarachi Qirg`iziston fuqarosiga o`q uzgani va u halok bo`lganini, O`zbekiston tomoni esa mazkur fuqaroning chegarani noqonuniy kesib o`tgani, chegara xizmati talablariga bo`ysunmaganini va yarador qilinganini bildirgan edi.

Shavkat Mirziyoyev Pokiston Quruqlik qo`shinlar qo`mondonini qabul qildi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni Pokiston Islom Respublikasining Quruqlikdagi qo`shinlar qo`mondoni general-leytenat Kamar Javed Bajva boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Bu xaqda O'zbekiston Prezindenti matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari mehmonni qutlab, ushbu uchrashuv O`zbekiston bilan Pokiston o`rtasida so`nggi yillarda jadal rivojlanayotgan, do`stlik, sheriklik va o`zaro qo`llab-quvvatlash tamoyillariga, umumiy tarix va diniy e`tiqod, an`analar va ma`naviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan ko`p qirrali aloqalarning yana bir dalili ekanini alohida ta`kidladi.

Uchrashuvda harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlik istiqbollari, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afg`onistondagi vaziyatni tinchlik yo`li bilan hal qilish masalalari muhokama qilindi.

General Kamar Javed Bajva Mirziyoyevga qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husaynning ezgu tilaklarini etkazdi.

Bajva O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarni modernizatsiyalash va mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Bajva, shuningdek Pokistonning O'zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi.

           

O`zbekiston va Turkmaniston ishbilarmonlari 250 million dollarlik shartnomalarni imzoladi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashrifi doirasida Toshkentda o`tkazilgan Turkmaniston Milliy ko`rgazmasi va biznes-forumi yakunlari bo`yicha 250 million dollarga teng shartnomalar imzolandi.

Bu xaqda O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar neft-gaz, transport-kommunikatsiya, qishloq xo`jaligi va turizm, ishlab chiqarish sanoati va to`qimachilik sanoati sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish to`g`risidagi istiqbolli kelishuvlarga erishdi.

Uchrashuvda bunday tadbirlarni har ikki mamlakatda bir yilda ikki marta o`tkazishga kelishib olindi.

Toshkentda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashrifi doirasida shuningdek ikki davlat tashqi savdo mahkamalari o`rtasida O`zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish to`g`risidagi bitim imzolandi.

Savdo uylari mahalliy xaridorlar uchun mahsulotlar reklamasi maydoni vazifasini bajarib, chakana va kichik ulgurji savdo-sotiqni yuritish, marketing tadqiqotlarini o`tkazish hamda konsultatsiya xizmatlarini taqdim etishga imkon beradi.

Malumki, 2017 yilda ikki davlat o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil etdi.

Muzokaralarda tomonlar mazkur raqamni 2020 yilgacha 500 million dollarga etkazishga kelishib oldi.

           

 


Tanlangan kalimalar: Yangiliklar , So'ngi , O'zbekiston

Aloqador xabarlar