Turkiyaning madaniy xazinalari 52-qism

Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan tarixiy Haydarpasha vokzali haqida ma’lumot...

Turkiyaning madaniy xazinalari 52-qism

 

Dasturimizning so’ngi bo’limida Istanbuldagi Haydarpasha vokzali haqida ma’lumot beramiz.

Tarixiy Haydarpasha vokzali 1908 yili Istanbulda barpo etilgan bo’lib, tarixda nemislar bilan Usmoniylar o’rtasidagi yaqinlashuvning eng katta ramzlaridan biri hisoblanadi.

1890 yillardan e’tiboran, Usmoniy Imperatorligi bilan Nemis Imperatorligi o’rtasida o’zaro yaqinlik kuzatiladi. Usmoniy Imperatorligi bepoyon mintaqada ulov harakatini tezlashtirish, davrga moslashish, tijoratni rivojlantirish va Imperatorlikni yana ham qulay boshqarish uchun temir yo’llari insho etishga qaror beradi. Temir yo’lini qurish bo’yicha Angliya va Germaniya o’rtasida katta raqobat ketadi. Bu raqobat nemislarni g’azablantiradi. Ushbu raqobatda nemislarning qo’li ustun keladi. Ularning taklifi yana ham mantiqli deb qabul qilinadi va Angliyaning Imperatorlikni bo’lish niyatidan shubhalangan Usmoniy Imperatorligi temir yo’llarini qurish vazifasini nemislarga topshiradi.

O’sha davrlarda taxtda o’tirgan Sulton 2-Abdulhamit nemis imperatori Kayzer Vilhem bilan yaqin do’st bo’ladi. Istanbulga uch marta kelgan Kayzer 1898 yili ikkinchi marta kelishida temir yo’li tarmog’ini qurishining kafolatini oladi. Mazkur ziyoratning sharafiga Germaniyada barpo etilib, Istanbulga jo’natilgan nemis chashmasi hozirda Sultanahmet maydonida joylashgan. O’sha davrlarda Usmoniy zamini hisoblangan Bog’dodda o’z poyoniga yetadigan temir yo’li qurilishi boshlanadi. Usmoniy Imperatorligida mahalliy xalqning ham hissalari bilan qo’llab quvvatlangan temir yo’li qurilishi o’sha davrlardagi milliy g’oyalardan biri sifatida e’tiborga molik edi.

Haydarpasha vokzali Istanbul-Bog’dod temir yo’li loyihasining boshlanish markazi hisoblanadi. 1906 yili qurila boshlagan vokzal nemis va italyan ustalarning mehnati bilan 1908 yili qurib bitkaziladi. Ushbu vokzal tom ma’noda Osiyoning g’arbga ochilgan eshigi va oxirgi bekati hisoblanardi. Haydarpasha vokzali Istanbulning Kadiko’y dahasida joylashgan. Vokzalning yonginasidagi bo’g’oz qirg’og’iga kemalarni kuchli to’lqinlardan himoya qiladigan stansiya quriladi va bu shaklda kuchli to’fon va to’lqinlarga qarshi chora ko’riladi. U yerda joylashgan Haydarpasha kema stansiyasidan Istanbulning Yevropa sohiliga bemalol o’tish mumkin. Istanbul-Bog’dod temir yo’li loyihasining oz vaqt ichida qurib bitkazilishi bilan, yana bir temir yo’li loyihasi bo’lgan Istanbul-Hijaz temir yo’li loyihasi ishlab chiqiladi. Bu bilan birga muqaddas zamingacha yetib borgan temir yo’li tarmog’i tashkil qilinadi. Chunki, Damashqqa, Iordaniyaga va Madina shahrida ushbu temir yo’li orqali borish mumkin edi. Ayni paytda, musulmonlarning muqaddas haj ziyorati yo’lida boshqa transport imkoniyatlaridan ham foydalanish fursati tug’ilgan edi.

Temir yo’lining qurilishi o’sha davrlarda katta zamonaviy yangiliklardan biri bo’lgan. Haydarpasha vokzali bir asr mobaynida o’z mustahkamligini saqlab keladi.

Poyezdda sayohat qilishni yoqtirganlar Istanbulga poyezd bilan keladi. Poyezd vagonlaridagi sharoit, yotoq, oshxona insonga qulaylik yaratadi.

Poyezddan tushganingizda sizni imperatorlikning ramzi bo’lgan Haydarpasha vokzali kutib oladi. Binoning kattaligi va haybati ko’zni qamashtiradi. Vokzaldan chiqqaningizda Istanbul bo’g’ozining chiroyli manzarasi ko’zga tashlanadi.

Bir tomondan bo’g’ozdagi kemalar, bir tomondan esa, ularning ketidan uchgan qushlar va uzoqdan Yevropa sohilining muhtasham manzarasi sizni go’yo sehrlagandek bo’ladi. Bir tomonda Marmara dengizi, bir tomondan esa To’pkapi saroyi, Ayasofiya, Sultanahmet jome’yi ko’zga tashlanadi.

1-Jahon urushi paytida vokzal ichida joylashgan o’q-dori omborida yong’in sodir bo’ladi. Bu esa katta moddiy zararga sabab bo’ladi. Ko’p o’tmay qayta ta’mirlangan bino kunimizgacha yetib kelgan.

1979 yili bo’g’ozda sodir bo’lgan tsisterna fojiasi oqibatida takror vayron bo’lgan Haydarpasha vokzali qayta ta’mirlanadi. 2010 yilga kelib, vokzalning yuqori qavatida ro’y bergan yong’inda katta zararga uchragan vokzal yana katta ta’mirdan o’tkazilgan.

2012 yili Turkiyada tez yurar poyezd yo’li qurilishi sababli poyezd safarlari 24 oy mobaynida to’xtatilgan.

Ankara bilan Istanbul o’rtasidagi tez yurar poyezd yo’li Pendik dahasida o’z nihoyasiga yetgan.

Kelgusida Haydarpasha vokzaligacha yetib kelishi kutilgan tez yurar poyezd tarmog’i natijasida Haydarpasha vokzali takror oldingidek serqatnov kunlariga qaytadi degan umiddamiz.

Xurmatli tinglovchilar mana bir yil mobaynida Turkiya Ovozi radiosi to’lqinlarida berib borilgan Turkiyaning madaniy xazinalari dasturi o’z nihoyasiga yetdi.

Kelgusi 2017 yilda yangi dastur turkumlarimiz orqali takror uchrashguncha hayr salomat bo’ling!

 



Aloqador xabarlar