O’zbekistondan xabarlar 47-qism

24-dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.

O’zbekistondan xabarlar 47-qism

                           

Kuni kecha Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev O’zbekistonga tashrif buyurdi.

24-dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Tomonlar ekstremizm va diniy aqidaparastlik mintaqa barqarorligiga xavf solayotganiga e’tibor qaratdi.

Bunday xavf-xatarlarga qarshi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish zarurligini ta’kidladilar.

Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2016-2017-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi yangi shakldagi siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Ushbu masalalar muhokamasida 2016-yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23 foiz o‘sganiga qaramasdan, bu ko‘rsatkich yetarli darajada emasligi va ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlariga mos kelmasligi qayd etildi.

Prezidentlar ikki yil davomida tovarlar turini tubdan kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 500 million dollargacha ko‘paytirish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun Qirg‘izistonga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, yengil va yuk avtomobillari, avtobuslarni tizimli asosda yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atambayev muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi sahifalarini ochishiga ishonch bildirdilar.

 

O'zbekistonda xorijiy valyutadan foydalanish muddati uzaytirildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 20 dekabrdagi farmoniga muvofiq Prezidentning 1995 yil 27 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasining ichki erkin almashtirilishini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga o'zgartirishlar kiritildi.

Tuzatishlar bilan mijozlarning talabnomalari bo'yicha vakolatli banklar tomonidan sotib olingan xorijiy valyutadan foydalanish muddati 7 ish kunidan 15 ish kunigacha uzaytirildi, shundan keyin u so'zsiz qayta sotilishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 21 dekabrdagi 409-son qaroriga binoan quyidagi hujjatlarga ham xuddi shunday o'zgartirishlar kiritildi:

Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 iyundagi 245-sonli “Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga o’zgartirish kiritildi.

 

O'zbekiston va Qozog'iston mustaqillik yillarida Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlariga aylandi.

Shu yilning 23 dekabr kuni Qozog'iston Respublikasining O'zbekistondagi elchisi Yerik Utembayev shu haqda jurnalistlarga ma`lum qildi.

“Biroq ikki tomonlama hamkorlikning foydalanilmagan imkoniyatlari qolmoqda”, - degan Yerik Utembayev. – Shu sababli, ikki davlat prezidentlari Nursultan Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyevning sentabr oyidagi uchrashuvida yillik mahsulot ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga qadar oshirishga qaror bergan edi".

Mazkur topshiriq 22 sentabrda imzolangan savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo'nalishlari to'g'risidagi kelishuvga asos bo'ldi.

Hujjatga muvofiq, o'zaro neft va neft mahsulotlari, elektrotexnika, mashinasozlik, avtomobilsozlik, farmatsevtika va agrosanoat mahsulotlarini sotish singari yo'nalishlar bo'yicha hamkorlikdagi savdo uylarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qozog'istonning “Bayterek” milliy xoldingi bilan O'zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan.

O'zbekiston Davlat statistika qo'mitasi ma`lumotlariga ko'ra, 2016 yilning birinchi to'qqiz oyi yakunlari bo'yicha o'zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 1,548 mlrd dollarni tashkil etdi.

Qozog'iston O'zbekiston mahsulot ayirboshlashida 8,7 foizlik ulush bilan Xitoy (17,7 foiz) va Rossiyadan (17,2 foiz) keyingi uchinchi o'rinda turadi. 

Joriy yilning o'tgan 9 oyi mobaynida Qozog'istondan O'zbekistonga 525 ming tonna bug'doy uni va 1 mln 400 ming tonnaga yaqin boshqa don mahsulotlari yetkazilgan bo'lsa, O'zbekistondan qo'shni respublikaga tabiiy gaz, uzum, o'rik, tog'olcha va gilos, pomidor, va quritilgan mevalar yetkazib berilgan. 

Uning so'zlariga ko'ra, ikki mamlakat iqtisodiyotini inobatga olgan holda amaliy jihatdan mutlaqo yangi mintaqalararo hamda chegaraviy aloqalar va munosabatlar tizimini shakllantirish, shuningdek, O'zbekiston bilan Qozog'iston o’rtasidagi chegaralarni ochish zarur.

 

 



Aloqador xabarlar