O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrif buyurdi

O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Vashingtondagi “Endryus” aeroportida AQSh Davlat departamenti rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrif buyurdi

O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi boshlandi.

Prezident samolyoti Vashingtondagi “Endryus” aeroportiga qo'ndi. Shavkat Mirziyoyevni AQSh Davlat departamenti rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Prezident matbuot xizmati tarqatgan rasmiy ma’lumotlarga ko'ra, Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, keyin keng doirada bo'lib o'tadi. Keng doiradagi muzokaralarda O'zbekiston va AQSh rasmiy delegatsiyasi vakillari ishtirok etadi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

16 may kuni kechqurun O'zbekiston tomonidan rasmiy qabul marosimi o'tkaziladi. Unda AQSh ma’muriyati rahbariyati, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Prezident 17 may kuni Pentagonga tashrif buyurib, AQSh mudofaa vaziri bilan muzokara o'tkazadi. Kapitoliyda Kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki Prezidenti bilan ham uchrashib, O’zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya jalb etish bo'yicha muzokara olib boradi.

 

 



Aloqador xabarlar