O'zbekistondan xabarlar 23-qism

O'zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O`zbekistonga tashrifini muhokama qildi

O'zbekistondan xabarlar 23-qism

O'zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O`zbekistonga tashrifini muhokama qildi.

30 may kuni Rossiyada amaliy tashrif bilan bo`lib turgan O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Moskvada “Primakov o`quvlari” xalqaro forumi ishida ishtirok etish doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi.

O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda O`zbekiston - Rossiya kun tartibidagi bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Avvalo, Toshkent shahrida kuz oyida o`tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin uchrashuvi kun tartibi yuzasidan takliflar ko`rib chiqildi.

Abdulaziz Kamilov va Sergey Lavrov kuzga rejalashtirilgan O`zbekiston va Rossiya prezidentlari uchrashuvi kun tartibini muhokama qildi.

Muzokaralarda Rossiya Prezidentining O`zbekistonga bo`lajak davlat tashrifi ittifoqlik va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, unga aniq va uzoq muddatli tus berish uchun alohida ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi.

Uchrashuvda shuningdek, vazirlar tomonidan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

O`zbekiston va Qozog`iston chegara bo`yicha muzokaralar o'tkazdi.

Shu yilning 1 iyun kuni Toshkent shahrida O`zbekiston - Qozog`iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi hukumatlari delegatsiyalarining 5 kunlik muzokaralari yakunlandi.

Bu haqda O'zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar davomida davlat chegarasining alohida uchastkalarida o`tkazilgan dala tekshiruvlari natijalari ko`rib chiqildi.

2003 yildan buyon davom etayotgan muzokaralar yakunida Bayonnoma imzolandi va unda O`zbekiston - Qozog`iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish va yakuniy huquqiy rasmiylashtirishni tezlashtirish muhimligi ta`kidlandi.

Xabarda aytilishicha, uchrashuv an`anaviy do`stlik va o`zaro tushunish muhitida o`tdi.

Ma'lumki, O'zbekiston xukumati, so'nggi paytda qo'shni davlatlar bilan davlat chegaralarini demarkatsiya  delemitatsiya ishlarini tezlashtirdi.

O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan «Rosatom» Rossiya Atom energiyasi bo`yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.

Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mehmonni O`zbekistonga tashrifi bilan qutlar ekan, O`zbekiston - Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, o`zaro manfaatli ko`p qirrali hamkorlikni izchil mustahkamlashga xizmat qilayotgan yuqori va oliy darajadagi doimiy aloqalarni chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muzokaralar davomida ilm - fan va yuqori texnologiyalar sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishga, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga, ikki mamlakatning ilmiy - tadqiqot institutlari hamda innovatsion markazlari o`rtasida yaqin hamkorlikni o`rnatish, xususan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida o`tgan yili imzolangan hamkorlik to`g`risidagi Hukumatlararo bitim doirasidagi masalalarga alohida e`tibor qaratildi.

Birgalikdagi dastur va loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo`yicha muntazam ishlarni tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.

"Rosatom" Atom energiyasi bo`yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlat rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Rossiya tomonining ikki mamlakat va xalqlar manfaati yo`lida energetika sohasidagi keng ko`lamli sheriklik va o`zaro manfaatli ilmiy - texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqishi va tayyorligi alohida ta`kidlab o`tildi.

Aleksey Lixachyov O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan so'ng jurnalistlarga bergan bayonotida, O`zbekistonda atom elektrostantsiyasini qurish masalasi muhokama markaziga aylangani haqida ma`lum qildi.

Lixachyovning so`zlariga ko`ra, atom elektrostantsiyasi 2 ta blokdan iborat bo`ladi. Uchrashuvda, shuningdek, hukumatlararo kelishuv, shartnoma, bu ob`ektni foydalanishga topshirish muddatlari, kadrlar tayyorlash masalasi ham ko`rib chiqilgan. Uchrashuvda, O`zbekiston tomoni, atom elektrostantsiyasi Navoiy viloyatida qurishni taklif qilgan.

          O`zbekiston va Eron mintaqalararo transport yo`lagini tashkil etishni muhokama qildi.

O'tgan xaftada O`zbekiston temir yo`llari aksiyonerlik jamiyatida Eron delegatsiyasi a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Unda Bosh vazirning birinchi o`rinbosari, aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Achilboy Ramatov hamda Eron yo`llar va shaharsozlik vaziri Abbos Oxundiy ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki davlat o`rtasida savdo - iqtisodiy, qurilish va transport sohalarida manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Suhbat davomida ikki davlat temir yo`l tashkilotlari o`rtasidagi aloqalarni yanada yuqori darajaga olib chiqish, o`zaro yuk tashish borasida hamkorlikni mustahkamlash, avtotransportda tashuvlarni amalga oshirish to`g`risida ham so`z yuritildi.

Shuningdek, tomonlar O`zbekiston - Turkmaniston - Eron - Ummon mintaqalararo transport yo`lagi faoliyati borasida ham fikr almashdi.

Tadbirda ikki mamlakat o`rtasida yangi aviareyslarni joriy etish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.

Bunday imkoniyatlarni yaratish ikki davlat xalqlari o`rtasida bordi - keldilarni yo`lga qo`yish, sayyohlikni rivojlantirish, madaniy aloqalarni yuksaltirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Uchrashuvdan so'ng, Abbos Oxundiy, jurnalistlarga bergan intervyusida, O`zbekistonning Markaziy Osiyodagi qudratli mamlakat ekanligini ta`kidlar ekan, uning boy madaniy merosi, tarixiy obidalarini kelib ko`rishga eronliklarda ham qiziqish yuqori ekanligini qayd etdi.

         

 


Tanlangan kalimalar: Yangiliklar , O'zbekiston

Aloqador xabarlar