O'zbekistondan xabarlar 27-qism

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

O'zbekistondan xabarlar 27-qism

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tug`ilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog`lik, baxt - saodat va yangi zafarlar tiladi.

Turkmaniston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, transport yo`laklari va energetik infratuzilmani rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, sportni ommalashtirish borasida va boshqa yo`nalishlardagi xalqaro miqyosdagi tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqot va uchrashuvlar qardosh xalqlar o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik rishtalarini mustahkamlashga, shuningdek, mamlakatlar o`rtasida yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirishga xizmat qilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turkmaniston Prezidentining joriy yil aprel oyida O`zbekistonga amalga oshirgan samarali davlat tashrifi hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar va bitimlar ko`p qirrali O`zbekiston - Turkmaniston hamkorligiga yangi sur`at baxsh etib, uni amaliy mazmun bilan boyitgani ta`kidlandi.

Suhbat chog`ida savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika sohalari, samarali transport va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy - gumanitar yo`nalish bo`yicha hamkorlik istiqbollari ko`rib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Turkmaniston Prezidenti samimiy tabrik va tilaklar uchun O`zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi hamda Mirziyoyevni joriy yil avgust oyida Ashxobodda bo`lib o`tadigan Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi ta`sischi davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etishga taklif qildi.

Muloqot so`ngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlar va xalqlar farovonligi yo`lida O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o`rtasidagi strategik sheriklik va o`zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashda intilishi qat`iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

 

O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi prezidenti "O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorni imzoladi.

Mazkur hujjat bilan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stona aloqalar qo`mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi tashkilotning muassislari xisoblanadi.

Hujjatga asosan Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o`rtasida o`zaro ishonch va yaxshi qo`shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, tsivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko`maklashish;

Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan madaniy - gumanitar aloqalarni kengaytirishda, delegatsiyalarning o`zaro tashriflarini uyushtirishda ishtirok etish;

Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, yoshlar va xotin - qizlar tashkilotlari o`rtasida do`stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun shart - sharoitlar yaratish;

Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o`rtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko`maklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yo`nalishlari va asosiy printsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining madaniy - gumanitar sohada erishgan yutuqlari to`g`risida axborot - tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish;

Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari va ularning xalqlarini bir - biriga yaqinlashtirish, o`zaro ishonch va yaxshi qo`shnichilik ruhini mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish Markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yo`nalishlari etib belgilandi.

 

O`zbekistonning tashqi qarzi 1,3 foizga oshib, 14 milliyard 700 million dollarga yetdi.

Shu yilning birinchi chorak yakunlari bo`yicha O`zbekistonning tashqi qarzi 14,5 millyard dollardan 14 millyard 700 million dollarga yetdi.

Bu haqda O'zbekiston Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

Mamlakatning tashqi qarzi davlat va xususiy qarzlardan tashkil topgan. Tashqi qarz o`sishining asosiy qismi davlat sektoriga to`g`ri keldi. Valyuta kurslari o`zgarishini hisobi bilan davlat tashqi qarzlari miqdori 329 million dollarga oshdi. Buning natijasida davlat qarzining qolgan qismi 7,6 milliard dollardan 7,9 milliard dollargacha o`sdi", deyilgan Markaziy Bank hisobotida.

Banklar sektorida qarz o`sishi hajmi 79 million dollarni tashkil qildi. Bankdan tashqari moliya muassasalari sohasidagi qarz o`sishi  esa 3 million dollarni tashkil qildi.

Shu bilan bir vaqtda, asosiy qarz va qo`shimcha foizlar kamayishi hisobidan xo`jalik sub`ektlarining umumiy qarzi miqdori 222 million dollarga kamaydi.

Buning natijasida xususiy tashqi qarz bo`yicha qarzdorlik 6,3 millyard dollardan 6 millyard dollarga kamaydi.

 

O`zbekistonda "İpak yo`li" xalqaro turizm universiteti ochiladi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Samarqandda "İpak yo`li" xalqaro turizm universitetini ochish haqidagi qarorni imzoladi.

Xalqaro turizm universiteti professional kadrlar tayyorlaydi va xalqaro turizm sohasida ilmiy - tadqiqot hamda ijodiy ishlarni amalga oshiradi.

Universitet Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining tashkiliy tuzilmasiga kiradi hamda qo`mita raisi ayni vaqtda universitetning bosh menejeri hisoblanadi.

Universitetda o`qish o`zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi va 2018 - 2019 o`quv yilida universitetga talabalar qabul qilinadi.

Chet el fuqarolari universitetga kirish uchun test imtixonlari topshirmaydi. Xorijlik talabalar universitetga suhbat o`tkazish orqali qabul qilinadi.

Oliy o`quv yurti abiturientlarni sirtqi va kechki bo`limlarga o`qishga qabul qilishi mumkin.

Universitet tarkibida turizm sohasidagi Innovatsiya markazi va Axborot texnologiyalari markazi ham bo`ladi.

Universitetda 2019 - 2020 o`quv yilidan boshlab xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo`yicha o`qitishning kredit tizimi qo`llaniladi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Tsindaodagi sammitida "İpak yo`li" xalqaro turizm universitetini ochish haqida ma'lum qilgan edi.

         

 


Tanlangan kalimalar: Yangiliklar , So'nggi , O'zbekiston

Aloqador xabarlar