Turkiya tashqi siyosatiga nazar 40-qism

Shu yilning 3 sentyabr kuni Qirg’izistonning Cho‘lpon ota shahrida Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashining VI-sammiti bo’lib o’tdi.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 40-qism

                    

Bir necha hafta oldin Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Dasturimizning bugungi sonida ushbu yig’ilish haqida va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida mulohaza yuritamiz.

Shu yilning 3 sentyabr kuni Qirg’izistonning Cho‘lpon ota shahrida Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashining VI-sammiti bo’lib o’tdi.  

Yigʻinda sammit deklaratsiyasiga imzo qoʻyilib, turkiyzabon davlatlarning hamkorligini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Mojaristonga esa, turkiy tilli davlatlar kengashi kuzatuvchisi maqomi berildi.

Sammitga Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston hamda Turkiya Respublikalarining prezidentlari qatnashdi. Turkmaniston mazkur sammitda ishtirok etmadi. Shuningdek, bu safargi sammitda Oʻzbekistonning tashkilotga rasman aʼzo boʻlishi taxmin qilingan edi. Biroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Mojariston bosh vaziri Viktor Orban kabi sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Turkiyzabon davlat rahbarlari sammiti dastlab 1992-yilda tashkil qilingan. Bu tashabbus Turkiyaning marhum prezidenti Turgut Oʻzalga tegishli.

2009-yilga kelib esa Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning tashabbusi bilan xalqaro tashkilotga aylandi.  Unga Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya aʼzo boʻlgan. Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashida Turkmaniston kuzatuvchi maqomida qolmoqda. Oʻzbekiston esa, Islom Karimov davrida kengashga qoʻshilish taklifiga beeʼtibor boʻlib kelgan. Biroq, endilikda O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turk kengashiga alohida ahamiyat bermoqda. Shu munosabat bilan yaqinda O’zbekistonning ham Turk kengashiga a’zo bo’lishi ehtimoldan holi emas.

O’zbekistonning Turk kengashiga a’zo bo’lish niyati nafaqat tashkilotning safini kengaytiradi, balki O’zbekistonning turk dunyosi bilan bo’lgan munosabatini ham yanada yaqinlashtiradi. Bu O’zbekiston uchun juda muhim. Shu sababli, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Turkiya bilan o’zaro munosabatlarini va hamkorlik faoliyatlarini kengaytirishga harakat qilgan O’zbekistonning yaqin kelajakda Turk kengashiga a’zo bo’lishi maqsadga muvofiq bo’ladi.

Shubhasiz, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lgan Mojaristonga esa turkiyzabon davlatlar kengashi kuzatuvchisi maqomi berilganligi Turk kengashining mintaqaviy va global ahamiyatining ortishiga ko’mak berdi.

Rasmiy xabarlarga koʻra, ushbu sammitda quyidagi hujjatlarga qo’l qo’yilgan:

  • Turkiyzabon davlatlarning VI Sammiti deklaratsiyasi;
  • Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashining bosh kotibi, bosh kotib oʻrinbosarlari hamda Turkiy akademiya prezidentini tayinlash haqidagi qaror;
  • Mojaristonga Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashida kuzatuvchi maqomini berish to’g’risidagi qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, Turkiy tillarda soʻzlashuvchi davlatlarni integratsiya qilish konsepsiyasi; Yoshlar va milliy sport turlarini rivojlantirish haqida Mojariston Turkiy tillarda soʻzlashuvchi davlatlar hamkorlik kengashining qoʻshma bayonoti; Yozuvchi Chingiz Aytmatovnning 90 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish haqida kengash rahbarlarining qoʻshma bayonoti boʻyicha hujjatlar qabul qilingan.

Qolaversa, sammitda prezidentlarning qaroriga binoan, Qozog’istonning Erondagi favqulodda va muhtor elchisi Baghdad Amrayev Turk kengashining bosh kotibi etib tayinlandi. Turk kengashi bosh kotibi o’rinbosari lavozimi esa O’mer Kojamanga topshirildi. 

Sammitda soʻzga chiqqan Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdogʻan mintaqa davlatlarini dollardan voz kechishga chaqirdi. U bu fikrini xalqaro savdoda dollarga qaram boʻlib qolish ortidan turli toʻsqinliklarga duch kelina boshlagani bilan izohladi. Turkiya prezidentining bu taklifi katta e’tiborga molik edi. Global va mintaqaviy geopolitik raqobat kuchaygan bir paytda bu taklif kengashga a’zo barcha mamlakatlar jihatidan muhim ekanligini aytish mumkin.

Zero, oxirgi yillarda neft bahosining pasayishi va global iqtisodiy vaziyat ta’sirida Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistonning milliy pul birligi dollarga nisbatan katta qiymat yo’qotdi.

“Biz bu yoʻnalishda oʻz milliy valyutamiz bilan savdo-sotiq qilish masalasini muhokama etishni taklif qilamiz. Milliy valyutaga oʻtishimiz shart", - deb aytgan Turkiya prezidenti Erdogʻan.

Sammitda Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan taklif qilingan “Turk dunyosining muqaddas makonlari” loyihasi nafaqat turkiy davlatlarning tarixiy rishtalarini mustahkamlashtirish, balki turkiy xalqlarning mushtarak madaniyatini dunyoga tanitish jihatidan ham katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyiha Turk kengashi tomonidan “Turkiyzabon davlatlar hamkorlik kengashi turistlarga qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlarga tashrif buyurish imkonini beruvchi qo‘shma sayyohlik loyihasi” bilan birlashtirilganda barcha a’zo mamlakatlarning turizm va madaniyatlararo aloqalarini rivojlantirishga katta hissa qo’shishi bejiz emas.

Loyiha a‘zo davlatlar uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘libgina qolmay, balki “tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashadi hamda madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Turkiy tillarda soʻzlashuvchi davlatlar o’rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator qarorlar olindi. Shu bilan birga ushbu sammitni Turk kengashining kelajagi jihatidan tarixiy yig’in bo’lganligini aytish mumkin.

Turk kengashi a’zo hukumatlararo madaniyat va hamkorlik tashkilotlarini muvofiqlashtirishdan mas’ul tashkilot sifatida Yevropa Ittifoqiga o’xshash ittifoq bo’lish imkoniyatiga ega. Biroq, a’zo davlatlarning mavjud iqtisodiy, siyosiy kuchi va global konyukturasini diqqatga olgan holda, bu fikrga yaqin emas, balki uzoq kelajakda amalga oshuvchi maqsad sifatida qaralishi mumkin.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.



Aloqador xabarlar