• Video galereya

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 2-qism

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Dr. Jemil Dog’ach Ipekning Turkiya tashqi siyosati haqidagi mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 2-qism

              

Hurmatli tinglovchilar Turkiya Respublikasi 2017 yilda yangi rejalar va yangi dasturlar asosida katta qadam tashladi. Dasturimizning bugungi sonida 2017 yilda Turkiya tashqi siyosatining ustuvor vazifalari, yutuq va kamchiliklariga nazar tashlaymiz.

2017 yilda Turkiya tashqi siyosatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, avvalo quyidagi jihatlar ko’zga tashlanadi: Global va mintaqaviy kutilmagan o’zgarishlar, ichki siyosatdagi strukturaviy o’zgartirishlar, terrorizmga qarshi kurash, yangi izlanuv va yo’nalishlar.

Turkiya diplomatiyasi 2017 yilning birinchi kunidan oxirgi kuniga qadar kutilmagan yo’nalishlarda o’zini isbotladi. Nafaqat mintaqaviy maydonda, balki global maydonda ham o’z o’rnini, kuchini, g’ayratini namoyon qildi.

Turkiya diplomatiyasi 2017 yilda ma’lum yo’nalishdan tashqari, farqli metodlarni ishlab chiqdi. Bu metodlar bilan yangi do’stliklar va hamkorliklar yuzaga keldi.

2017 yilda Turkiya asosan, Yaqin sharq mintaqasidagi siyosiy o’zgarishlar bilan shug’ullandi. Ayniqsa, Suriya bilan bog’liq o’zgarishlar Turkiyaning tashqi siyosatida burilish nuqtasi bo’ldi. Suriyada terror tashkiloti PKKning hamkori PYD-YPG asosiy mo’ljalga aylandi. Turkiya terrorizmni ildizidan qurutishni maqsad qilgan yangi xavfsizlik konsepsiyasiga mos ravishda Suriya shimolida harbiy kuchini oshirdi. Bu yo’lda Rossiya va Eron bilan Suriya inqirozini hal qilish bo’yicha faol izlanuvga kirishdi.

Turkiya Suriya inqirozi bilan bog’liq ravishda, Rossiya va Eron ishtirokida Ostona muzokaralarini yo’lga qo’ydi.

Bundan tashqari, Turkiya Iroq siyosati bo’yicha ham 2017 yilda katta o’zgarishlarga guvoh bo’ldi.

Ayniqsa, Barzaniyning xalqaro huquqqa hilof ravishda referendum o’tkazgani bulardan biri edi. Referendum qaroridan so’ng, Turkiya Iroq hukumati va Eron bilan ittifoq tuzdi. Shu bilan mintaqadagi muvozanatni o’z foydasiga hal qildi.

Qolaversa, AQSh prezidenti Donald Trampning Al-Quds bilan bog’liq tahlikali qaroridan so’ng, Turkiya yangi diplomatik hamlasini ishga soldi. Islom dunyosi bilan birga muhim diplomatik qadamlarni tashlashga muvaffaq bo’ldi.  Masalani BMT Bosh assambleyasi kun tartibiga olib chiqdi. Bu esa, Turkiyaning “dunyo beshdan buyukdir” nazariyasini isbotlovchi global sinovlardan biri edi. Qolaversa, Turkiya Myanmada arakanlik musulmonlarga nisbatan sodir qilinayotgan qatliomlarga jiddiy qarshilik ko’rsatib, jahon hamjamiyatining e’tiborini bu masalaga jalb qilishga harakat qildi.

Turkiya diplomatiyasi uchun 2017 yil g’arblik ittifoqdoshlar bilan munosabatlardagi eng murakkab davrlardan biri bo’ldi. Jumladan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, NATO, Germaniya va boshqa bir qator Yevropa davlatlari bilan turli mavzularda kelishmovchiliklar yuzaga keldi. AQSh bilan Suriya inqirozi, terror tashkiloti PKKning Suriyadagi hamkori PYDga berilgan harbiy yordam va Fathulloh Gulen harakati yetakchisini ekstraditsiya qilish kabi bir qator masalada qarama-qarshi vaziyat yuzaga keldi.

G’arblik ittifoqdoshlarning terrorizmga qarshi kurashda Turkiyaga kerakli yordamni bermaganligi ham munosabatlarda jiddiy muammolarga sabab bo’ldi. Turkiya bu mavzularda tortinmasdan haqqini talab qildi. Vanihoyat g’arb bilan munosabatlar taranglashdi. Biroq, Turkiya bilan Rossiya o’rtasida munosabatlar yaxshilandi. Harbiy va boshqa ko’plab sohalarda hamkorlik yo’lga qo’yildi.

Bundan tashqari, Turkiya Venesuela kabi mustaqil davlatlar bilan ham do’stlik o’rnatdi. Afrika tashabbusini jadallashtirdi. Eng asosiysi, Somali va Sudan bilan harbiy bitim imzoladi.

Turkiya bir tomondan xalqaro maydonda siyosat yuritishga harakat qilar ekan, bir tomondan strukturaviy muammolarga yechim izlanuvini davom ettirdi.

Bu jarayonda ichki siyosatda ham muhim o’zgarishlar amalga oshdi.

Turkiya Respublikasi prezidentlik boshqaruvi sistemasiga o’tdi. Natijada, Turkiya 2023 yilgacha o’z oldiga qo’ygan maqsadlarga erishish yo’lida katta to’siqni bartaraf etdi.

Bundan tashqari, terrorizmga qarshi kurash ham Turkiyaning ichki va tashqi siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Zero, Turkiya 2017 yil mobaynida Fathulloh Gulen harakati, terror tashkiloti PKK va DAIShga qarshi mamlakat bo’ylab va chegara ortida kurashini kuchaytirdi.

Terror voqealari va 15 iyuldagi hukumatni to’ntaruvga tashabbus natijasida 2016 yilda pasaya boshlagan Turkiya iqtisodiyoti tahlikalarning kamayishi bilan birga 2017 yilda takror rivojlana boshladi. Turkiya uchinchi chorakdagi 11.1%lik rivojlanish darajasi bilan “katta yigirmalik” davlatlari o’rtasida eng tezkor rivojlangan davlat bo’ldi.

2017 yili energiya siyosatida ham muhim o’zgarishlar kuzatildi. Oxirgi paytlarda Turkiyada mahalliy energiyaga o’tish yo’lida juda katta ishlar amalga oshirildi. Turkiya energiyada chetga to’belikni kamaytirish maqsadida atom energiyadan qayta ishlab chiqariladigan energiyaga qadar turli sohalarda investitsiyaviy faoliyatlarini davom ettirmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, 2017 yil Turkiya tashqi siyosati uchun katta o’zgarishlar yili bo’ldi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Dr. Jemil Dog’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola etdik.



Aloqador xabarlar