Turkiya tashqi siyosatiga nazar 45-qism

Dasturimizning bugungi sonida Qirg’iziston Respublikasi bilan Turkiya o’rtasidagi munosabatlar va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 45-qism

                  

Dasturimizning bugungi sonida Markaziy Osiyoning katta ahamiyatga molik davlatlaridan biri Qirg’iziston Respublikasi bilan Turkiya o’rtasidagi munosabatlar va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

Turkiya 1991 yilning 16 dekabr kuni Qirg’iziston Respublikasining mustaqilligini tan olgan birinchi davlat bo’ldi. 1992 yilning 29 oktyabr kuni ikki davlat o’rtasida diplomatik munosabatlar yo’lga qo’yildi. O’sha yilning o’zida Bishkekda Turkiya elchixonasi va Ankarada Qirg’iziston elchixonasi ochildi.

Turkiya bilan Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlar bugungi kunda strategik sheriklik darajasida davom etmoqda. Ikki davlat o’zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy, ta’lim va madaniyat, sog’liqni saqlash, transport va boshqa ko’plab sohalarda mustahkam aloqalarga ega. Ko’p qirrali munosabatlar, ikki yuzdan ortiq shartnoma va protokoldan iborat keng ko’lamli huquqiy zamin asosida davom etmoqda.

1997 yilda ikki davlat prezidentlari tomonidan “Abadiy do’stlik va hamkorlik shartnomasi” imzolandi.

1999-yilda esa, “Turkiya va Qirg’iziston: Birgalikda 21-asr sari” nomli bayonnoma chop etildi. 2011-yilda “Oliy darajali strategik hamkorlik kengashining tashkil topishi to’g’risida qo’shma bayonot” imzolandi. Bu hujjatlar bugungi kunda ikki davlat o’rtasidagi strategik sheriklikning asosini tashkil qiladi. Qirg’iziston va Turkiya o’rtasida bugungacha juda ko’plab oliy darajali ziyoratlar amalga oshirilganligi do’stona munosabatlarning yaqqol ifodasidir.

Shu bilan birga, Turkiya Qirg’izistonda ko’plab jiddiy loyihalarni amalga oshirdi. Jumladan, Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi TIKA tomonidan Bishkekda insho etilgan Qirg’iz-turk do’stlik shifoxonasi bulardan biridir.

Bu doirada Qirg’izistondan 100 ta bemorga tibbiy yordam ko’rsatish maqsadida Turkiya bilan Qirg’iziston o’rtasida shartnoma imzolandi. Shu bilan birga, qirg’izistonlik bemorlar har yili Turkiyadagi turli salomatlik markazlarida davolanishi mumkin.

Shuningdek, ikki davlat hamkorligida tashkil qilingan “Manas universiteti” ham bular jumlasidandir. Mazkur universitetni ikki davlat o’rtasidagi yaqin qardoshlik aloqalarining yaqqol isboti desak mubolag’a bo’lmaydi. Manas universiteti Qirg’izistonda operativ korpusga ega bo’lgan yagona ilm dargohidir. Har yili ushbu universitetning ehtiyojlarini ta’minlash va talabalarga sifatli ta’lim berish uchun taxminan 25 mln dollar mablag’ ajratiladi. Bunga qo’shimcha ravishda Turkiya hukumatining turli stipendiya dasturlari vositasida, Qirg’izistondan kelgan talabalar Turkiyadagi turli universitetlarda bepul asperantura va doktorantura tahsilini olish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Qolaversa, TIKA tomonidan Qirg’izistonda turli sohalarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, yaqinda Bishkek shahrida turklar tomonidan qurilgan markaziy jome’-masjidi Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an ishtirokida tantanali ravishda xizmatga ochildi.

Hozirda Turkiya bilan Qirg’iziston o’rtasidagi savdo hajmi 400 mln dollar atrofida. Biroq, bu raqam ikki davlatning salohiyatiga yarashmaydi. Kelgusi jarayonda ikki davlat o’rtasidagi savdo hajmini 1 mlrd dollarga oshirish maqsad qilinmoqda. Ohirgi bir yilda ikki davlat o’rtasidagi savdo hajmi 26.7 % nisbatida ortish ko’rsatdi. Ikkala mamlakat ham o’zaro savdo-iqtisodiy, investitsiya va tadbirkorlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda.

2017 yilning 15 oktyabr kuni Qirg’izistonda bo’lib o’tgan prezident saylovlarida g’alaba qozongan Sooronbay Jeenbekov inauguratsiya marosimidagi nutqida, Turkiya bilan bo’lgan munosabatlarga alohida to’xtalib o’tgan edi.

Yodingizda bo’lsa, o’sha nutqida Jeenbekov tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoya qilishni davom ettirishini qayd etgan holda, “Rossiya Federatsiyasi bilan strategik munosabatlarimizni yanada mustahkamlaymiz. Qo’shni Xitoy bilan bo’lgan munosabatimizni yanada rivojlantiramiz. Markaziy Osiyodagi qo’shni davlatlar bilan tarixiy aloqalarimiz doirasida amaldagi munosabatlarimizni yanada rivojlantiramiz. Yevropa ittifoqi tarkibidagi davlatlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz. Turkiya va AQSh bilan bo’lgan hamkorligimizni mustahkamlaymiz” deyish orqali o’z rejalari haqida oz bo’lsa ham ma’lumot bergan edi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zoligi bilan birga ko’proq Rossiyaning siyosiy va iqtisodiy yo’lida qadam tashlagan Qirg’izistonning kelgusi jarayonda ham geosiyosiy yo'nalishini o'zgartirish niyatida emasligini aytishimiz mumkin. Zotan, konstitutsiyaga kiritilgan oxirgi o’zgartirishlar bilan birga mamlakatning tashqi siyosatini tayin qilish, savdo va mudofaa sohalarida ustuvorlikni belgilash masalalaridagi rahbarlik huquqlari parlament tomonidan cheklangan.

Bu vaziyat Jeenbekov Atambayevning olti yillik davrida shakllangan tashqi siyosatni radikal tarzda o’zgartirishini murakkablashtirmoqda. Biroq, Turkiya bilan munosabatlar o’tgan davrlarga nisbatan yana ham ijobiy yo’nalishda davom etayotganligini aytish mumkin.

Hozirgi kunda Turkiya va Markaziy Osiyodagi turkiy jumhuriyatlar o’zaro tashqi siyosatda hamkorlikni rivojlantirmoqdalar. Buning asosiy sababi ayni til, din va madaniyatga ega bo’lganligidir.

Qirg’izistonlik jamoat arbobi, buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov: “Bu o’zgaruvchan dunyoda muqaddas qonunlarga ko’ra, har narsa o’zgaradi va o’ladi, biroq o’lmagan bitta narsa bor. U ham bo’lsa madaniyatdir”,-degan edi. Usta yozuvchining bu so’zlari aslida juda katta ma’no kasb etadi.  Zero, xalqlarni birlashtirib turgan eng muhim unsurlardan biri madaniyatdir. Bu jihatdan Turkiya va Qirg’iziston o’rtasida iliq munosabatlar mavjudligini aytish mumkin. O’zaro aloqalarda madaniyat va ta’lim doimo eng ustuvor yo’nalishlardan biri bo’lib kelmoqda.

Xullas, Turkiya Qirg’izistonning barqarorligini va taraqqiyotini mustahkamlashiga katta ahamiyat berib kelmoqda. Bu doirada Qirg’izistondan har tomonlama qo’llab quvvatlovini ayamayotir.

Yana bir xususga to’xtalib o’tadigan bo’lsak, Qirg’izistonda Fathulloh Gulen harakatining kuchli o’ringa ega ekanligi barchaga ma’lum. Bu jarayonda ikki davlat o’rtasidagi aloqalarning yanada yuqori bosqichlarga ko’tarilishi uchun Qirg’iziston terrorizmga qarshi kurash doirasida Fathulloh Gulen harakatiga qarshi huquqiy choralarni ko’rishi maqsadga muvofiq bo’ladi.

Karatekin Universiteti xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Dog’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.



Aloqador xabarlar